Mamlakatimizda yashab, turmush kechirayotgan ayrim fuqarolarning dolzarb muammolardan biri hisoblangan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarda hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish yuzasidan O‘zbekiston Respubltikasining 2024 yil 5 avgustdagi 937-sonli Qonuni qabul qilindi.
Ushbu Qonun: quyidagi yuridik va jismoniy shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulk (egalik qilish) huquqi e’tirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkasiga nisbatan huquqlarni e’tirof etish asoslari va tartibini belgilaydi.
1) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan 2018 yil 1 mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;
2) fuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident bo‘lgan yuridik shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilgan yer uchastkasi maydonidan 2018 yil 1 mayga qadar ortiqcha egallagan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;
3) o‘zboshimchalik bilan qurilgan yakka tartibdagi uy-joylarga bo‘lgan mulk huquqini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tashkil etilgan Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalari tomonidan e’tirof etish mumkin deb topilganligi hollariga yoki uni e’tirof etish rad etilganligi yoxud arizalarning ko‘rib chiqilishi bir martalik umumdavlat aksiyasining muddati o‘tganligi sababli yakuniga yetmaganligi hollariga;
4) 2021 yil 8 iyunga qadar tuman (shahar) hokimining qaroriga ko‘ra qonunchilik hujjatlariga muvofiq fuqarolarga, yakka tartibdagi tadbirkorlarga yoki rezident bo‘lgan yuridik shaxslarga ajratilgan, tasdiqlash masalasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi yoki tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilmagan yer uchastkasiga (bundan shunday yer uchastkasida ikki yil ichida binolar va inshootlar qurilmagan yoki ularning qurilishi boshlanmagan yoxud yer uchastkasidan maqsadsiz foydalanilgan hollar mustasno);
5) fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga;
6) 2020 yil 9 martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik subyektlarining yashash uchun mo‘ljallanmagan binolari va inshootlari yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga;
7) xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga;
8) fuqarolarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning va rezident bo‘lgan yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulk (egalik qilish) huquqi e’tirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkasiga nisbatan huquqlarni e’tirof etish asoslari va tartibini belgilaydi.
Fuqarolar tomonidan 2018 yil 1 mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish uchun
mazkur yer uchastkasi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qo‘yilmagan bo‘lsa;
mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lmasa;
mazkur yer uchastkasi uchun yer solig‘i bo‘yicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lmasa asos bo‘ladi.
Yakka tartibda uy-joy qurish uchun fuqarolarga, yashash uchun mo‘ljallanmagan binolar va inshootlar qurish uchun yakka tartibdagi tadbirkorlarga va rezident bo‘lgan yuridik shaxslarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilgan maydondan 2018 yil 1 mayga qadar ortiqcha egallangan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish uchun
ortiqcha egallangan yer uchastkasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga tutashgan bo‘lsa;
fuqarolarga ajratilgan va ular tomonidan ortiqcha egallangan yer uchastkasining umumiy maydoni ushbu Qonun 12-moddasi uchinchi qismining talablariga muvofiq bo‘lsa;
mazkur yer uchastkasi ilgari boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan yoki elektron onlayn-auksionga qo‘yilmagan bo‘lsa;
mazkur yer uchastkasidan foydalanish yuzasidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lmasa;
mazkur yer uchastkasi uchun yer solig‘i bo‘yicha, unda qurilgan binolar va inshootlar uchun esa mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lmasa asos bo‘ladi.
Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalari o‘zboshimchalik bilan qurilgan yakka tartibdagi uy-joyga bo‘lgan mulk huquqini bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida e’tirof etish mumkin deb topgan yoki e’tirof etishni rad etgan yoxud bir martalik umumdavlat aksiyasining muddati o‘tganligi munosabati bilan arizalarning ko‘rib chiqilishi yakuniga yetmagan hollarda, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish ushbu Qonunning 4-moddasida belgilangan asoslarga ko‘ra amalga oshiriladi.
FIB Bog‘ot tumanlararo sudi sudyasi R.Ruzmetov