20.06.2022
"O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi tayyorlanayotganligi bois 2022-yil 25-iyun kuni Xiva shahar hokimligida deputatlar, idora va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib, yig‘ilishda 118 nafar faollar qatnashdilar.
Unda "Yangi O‘zbekiston -ijtimoiy davlat" tamoyillarini mustahkamlash, turli islohotlar jarayonida inson manfaatlari bosh mezon bo‘lishini taʼminlash dolzarbligi, Konstitutsiyamizning 60 dan ortiq moddalariga 200 dan ortiq tuzatishlar kiritilishi nazarda tutilganligi, bu o‘zgartirishlar o‘z navbatida “Inson-jamiyat-davlat” prinsipiga asoslanganligi aytib o‘tildi.
Davlatimiz rahbarining "Insonning qadr-qimmati, shaʼni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak" degan tamoyil asosida berilgan takliflariga deputatlar tomonidan ijobiy fikrlar bildirildi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan faollar, deputatlar munosabat bildirib, o‘z fikr mulohazalarini aytib o‘tdilar va shu bilan birga deputatlarga imtiyozlarni konstitutsiya bo‘yicha mustahkamlash hamda deputatlarning shaxsiy daxlsizligini va ish bilan taʼminlanish masalalari bo‘yicha o‘z takliflarini berdilar.
Zero, Konstitutsiyaviy tuzatishlar, avvalambor, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub bo‘lgan fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini taʼminlashga, himoya qilishga qaratilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan normalarga aylanadi.
Sh. Abdullayeva
Xiva shahar hokimining maslahatchisi.