
07.07.2022

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 16-mart kuni Davlat soliq qo‘mitasiga tashrifi davomida sohani takomillashtirish, xususan soliq tizimini raqamlashtirish, soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va ko‘lamini oshirish, shuningdek, “Soliqchi - ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlar bilan bevosita muloqotga kirishib, ularning muammolarini o‘rganish va soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarni tushuntirish yuzasidan bir qator topshiriqlar bergandi.
Mazkur topshiriqlarning ijrosini taʼminlash, tadbirkorlarni soliq sohasidagi o‘zgarish va yangiliklar bilan tanishtirish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati boshchiligida joylarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda shaharimizning barcha tumanlaridan jami 726 nafardan ortiq tadbirkorlar ishtirok etishdi.
Shuningdek, 2022-yilning II choragi davomida Xiva shahar davlat soliq inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan shaharda jami 7 marotaba tadbirkorlar bilan bevosita muloqotlar o‘tkazilib, qariyb 750 ta tadbirkorlik subyektlariga soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, yangiliklar, avtomatlashtirilgan axborot tizimlari haqida batafsil maʼlumotlar berildi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, bugungi kunda Xiva shaharida 2,3 mingga yaqin tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritadi. Yil boshidan buyon “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida shaharimizdagi 894 ta korxonaning 1428 ta muammolari o‘rganilib, mazkur muammolarning 865 dan ortig‘i bevosita soliq xodimlari ko‘magida hal etildi.
Xiva shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan tadbirkorlik subyektlari bilan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 459 ta korxonadagi 563 nafar norasmiy ishlovchi fuqarolar faoliyati qonuniylashtirilib, ularning ijtimoiy himoyasi taʼminlandi.
Agar sohalar kesimida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarida 210 nafar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida 256 nafar, qurilish korxonalarida 25 nafar hamda qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi 72 nafar fuqarolarning faoliyati rasmiylashtirildi va byudjetga 54,8 million so‘m qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirildi.
Bundan tashqari, boshqa soliq turlaridan ortiqcha to‘lov summasini qaytarish yuzasidan 32 korxonada 41,0 million so‘m pul mablag‘lari korxonalarning hisob raqamlariga qaytarildi.
2022-yilning II choragi davomida shaharimiz soliq to‘lovchilari tomonidan 13 milliard 230,4 million so‘m miqdorida soliqlar to‘lanib, belgilangan prognoz rejasi 252,4 million so‘m ortig‘i bilan bajarildi. Byudjetga yo‘naltirilgan mablag‘larning asosiy qismi 10,2 milliard so‘mi, yaʼni 77,2 foizi yuridik shaxslar, 3,0 milliard so‘mi yoki 22,8 foizi esa jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri keldi.
Soliq turlari bo‘yicha tahlil etadigan bo‘lsak, tushumning 6,0 milliard so‘m yoki 45,4 foizini jismoniy shaxslar daromad solig‘i, 1,7 milliard so‘m yoki 12,8 foizini aylanmadan olinadigan soliq, 3,0 milliard so‘m yoki 22,8 foizini jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk solig‘i hamda qolgan 2,5 milliard so‘m yoki 19,0 foizini esa boshqa soliqlar va yig‘imlar tashkil etdi.
Hurmatli tadbirkorlar endi xarid summasidan 1 foizli keshbek olish, “Soliq hamkor” tizimlarining joriy etilishiga ham to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsam — bu tizim mijozlarni jalb qilishga qaratilgan maxsus bonus dasturlarining bir turi bo‘lib, soliq tizimida samarali qo‘llanib kelinyapti.
To‘g‘risi, soliqchilar yaqin paytgacha faqat soliq yig‘ish bilan shug‘ullanib kelgan. Prezidentimizning 2021-yil 4-oktyabrdagi qaroriga asosan, chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirish hamda yashirin iqtisodiyot hajmini qisqartirish maqsadida xarid summasidan 1 foiz miqdorda keshbek qaytarish mexanizmi joriy etildi.
Maʼlumki, har bir tadbirkorlik nuqtasi mahsulot sotsa QR kodi bo‘lgan fiskal chek berishi shart. Agar ular bunday chekni bermasa yoki plastik kartada savdo qilishni istamasa, xaridor do‘konda tortishib o‘tirmay, bu haqda “Soliq hamkor” tizimi orqali xabar berishi mumkin. Albatta, bunda murojaat qanchalik asosli ekanligi jiddiy tekshiriladi. Qoidabuzarlik holatlari tasdiqlangan taqdirda murojaatchi — soliq hamkor orqali undirilgan jarima summasining 20 foizi miqdorida rag‘batlantiriladi.
“Soliq hamkor” dasturi orqali kelib tushayotgan murojaatlar dastlab soliq xodimlari tomonidan yaxshilab o‘rganib chiqiladi agarda rad qilish uchun asos bo‘lsagina rad qilinadi.
O‘rganish jarayonida murojaatda qayd etilgan holat isbotlangan taqdirdagina ushbu holat yuzasidan qonunchilik doirasida choralar ko‘rilishi mumkin. Murojaat isbotlanmasa, hech qanday chora ko‘rilmaydi.
Davlat soliq idoralari tomonidan asossiz tadbirkorlik faoliyatiga aralashish, noqonuniy tekshirish o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hurmatli tadbirkorlar!
Xiva shahari davlat soliq xizmati organlari xodimlari soliq sohasiga oid barcha savollaringizga javob berish, bilmaganlaringizni o‘rgatish va “Soliqchi - ko‘makchi” tamoyili asosida sizga yaqindan yordam berishga doimo tayyordirlar.